API nima?

API — bu dasturlar o‘rtasida ma’lumot almashish uchun vositachi. Uni restoran misolida tushuntirish mumkin: foydalanuvchi — mijoz, server — oshxona, va API — bu ofitsiant.

API nima?
API nima

Tasavvur qiling, siz restoranga keldingiz. Sizning oldingizda oshxona, unda pazandalar bor, va ular siz xohlagan taomni tayyorlashga tayyor. Ammo siz to‘g‘ridan-to‘g‘ri oshxonaga kirib, pazandaga buyurtma bermaysiz, to‘g‘rimi? Sizga bu yerda yordam beradigan kishi kerak — bu kishi ofitsiant bo‘ladi. U sizning buyurtmangizni olib, oshxonaga yetkazadi, va keyin tayyor bo‘lgan taomni sizga olib keladi. Bu yerda ofitsiant — bu API.

API nima?

API (Application Programming Interface) — bu dasturlar orasida muloqot qilish vositasi. Kompyuter tizimlari yoki dasturlar o‘zaro bevosita gaplasha olmaydi, ular o‘zaro aloqa qilish uchun API orqali bog‘lanadi. API yordamida bir dastur boshqasidan ma’lumot olishi yoki buyruq yuborishi mumkin.

Restoran misolida API qanday ishlaydi?

  • Siz – mijozsiz: foydalanuvchi yoki tashqi dastur.
  • Menyu – API hujjati: bu yerda siz qanday xizmatlardan foydalanishingiz mumkinligini ko‘rasiz.
  • Ofitsiant – API: sizning buyurtmangizni oshxonaga olib boradi va javobni qaytaradi.
  • Oshxona – server yoki tizim: so‘rovni bajaradigan joy.
  • Tayyor taom – javob (response): sizga kerakli natija (masalan, ma’lumot yoki bajarilgan amaliyot).

API siz uchun texnik detallarni yashiradi. Siz faqat kerakli xizmatdan foydalanasiz, ichkarida nimalar bo‘layotgani bilan ishingiz yo‘q.

API turlari

API’lar turli texnologiyalar asosida qurilishi mumkin. Har birining o‘ziga xos ishlash usuli, afzalliklari va foydalanish holatlari bor. Keling, eng mashhurlarini ko‘rib chiqamiz:

1. REST API (Representational State Transfer)

Bu eng keng tarqalgan API turi. REST API oddiy HTTP so‘rovlari (GET, POST, PUT, DELETE) orqali ishlaydi va ko‘p hollarda JSON formatida ma’lumot yuboradi yoki qabul qiladi.

Afzalliklari:

  • Soddaligi va keng qo‘llanilishi
  • Har qanday dasturlash tili bilan ishlaydi
  • Kesh (cache) qilish mumkin

Kamchiliklari:

  • Har bir so‘rovda barcha kerakli ma’lumotlar yuboriladi (ba’zan ortiqcha bo‘ladi)
  • Ko‘p turdagi bog‘langan ma’lumotlarni olish qiyin bo‘lishi mumkin

2. GraphQL

GraphQL — bu Facebook tomonidan yaratilgan yangi avlod API texnologiyasi. REST’dan farqli o‘laroq, bu texnologiyada faqat kerakli ma’lumotni so‘rash mumkin.

Afzalliklari:

  • Foydalanuvchi faqat kerakli maydonlarni so‘rashi mumkin
  • Ko‘p so‘rovlar bitta so‘rovga birlashtiriladi
  • Yaxshi ishlash va optimizatsiya imkoniyati

Kamchiliklari:

  • REST’dan ko‘ra murakkabroq
  • Kesh qilish qiyinroq bo‘lishi mumkin

3. WebSocket

Agar sizga real vaqt rejimida ma’lumot kerak bo‘lsa (masalan, chat, o‘yinlar, jonli narxlar), WebSocket ishlatiladi. U ikki tomonlama aloqani ta’minlaydi: mijoz ham, server ham bir-biriga xabar yuborishi mumkin.

Afzalliklari:

  • Real vaqt rejimi
  • Juda tez javob berish
  • Yil davomida ishlaydigan ulanish

Kamchiliklari:

  • REST yoki GraphQL’dan ko‘ra murakkabroq
  • Har doim ochiq ulanishni saqlash talab qilinadi

4. SOAP (Simple Object Access Protocol)

Bu eski, biroq hali ham ishlatilayotgan API texnologiyasi bo‘lib, XML formatida ishlaydi. Ko‘pincha korporativ tizimlarda qo‘llaniladi.

Afzalliklari:

  • Yaxshi xavfsizlik protokollari
  • Yirik tizimlar bilan integratsiya uchun mos

Kamchiliklari:

  • Juda murakkab
  • Yengil ilovalar uchun ortiqcha

5. gRPC (Google Remote Procedure Call)

gRPC — Google tomonidan ishlab chiqilgan, juda tez ishlovchi, binary protokollarga asoslangan API texnologiyasi.

Afzalliklari:

  • Tez ishlash
  • Mikroxizmatlar uchun ideal
  • Turli tillarni qo‘llab-quvvatlaydi

Kamchiliklari:

  • O‘rganish biroz murakkab
  • Foydalanuvchi interfeyslar uchun kamroq mos

API nima uchun kerak?

Modullik

Tizimlar o‘zaro bog‘lanib ishlaydi, lekin mustaqil rivojlanadi.

Qayta foydalanish

Bir marta yozilgan API’ni turli ilovalar ishlata oladi.

Integratsiya

Tashqi xizmatlarga (masalan, to‘lov, xarita, SMS xizmatlari) osongina ulaniladi.

Xavfsizlik

API orqali faqat ruxsat etilgan xizmatlarga murojaat qilinadi. Ichki tizimlar foydalanuvchidan yashirin bo‘ladi.

API misollari hayotda

  • Telegram botlari: Foydalanuvchi bilan muloqot qilish uchun Telegram API’dan foydalanadi.
  • Click to‘lov tizimi: Saytlaringizda to‘lov qilish uchun Click API’dan foydalaniladi.
  • Google Maps: Xarita yoki manzil ko‘rsatish uchun API’dan so‘rov yuboriladi

Xulosa

API — bu dasturiy tizimlar orasidagi vositachi bo‘lib, ular o‘zaro xavfsiz, qulay va aniq muloqotda bo‘lishiga imkon beradi. Agar siz QA muhandis bo‘lsangiz yoki IT sohasiga qadam qo‘yayotgan bo‘lsangiz, API bilan ishlashni o‘rganish — bu juda muhim bir ko‘nikmadir.

Ofitsiantni eslab qoling: siz buyurtma berasiz, u esa siz uchun barcha ishni hal qiladi.