Avtomatlashtirilgan testlar uchun qaysi dasturlash tilini o‘rganish kerak?

Avtomatlashtirilgan testlar uchun dasturlash tilini tanlashda ko‘pchilik noto‘g‘ri yo‘ldan boshlaydi — avval tilni o‘rganadi. Aslida esa, eng muhim tanlov bu — framework tanlashdir.

Avtomatlashtirilgan testlar uchun qaysi dasturlash tilini o‘rganish kerak?

Ko‘pchilik avtomatlashtirilgan testlar bilan shug‘ullanishni boshlaganda birinchi savol shunday bo‘ladi:
"Qaysi dasturlash tilini o‘rganishim kerak?"
Bu savol noto‘g‘ri emas, lekin bu yo‘ldagi birinchi qadam noto‘g‘ri tanlov bo‘lishi mumkin. Sababi — avtomatlashtirishda eng muhim narsa dasturlash tili emas, balki tanlangan frameworkdir.

1. Frameworkni o‘rganish tilga qaraganda muhimroq

Avtomatlashtirilgan testlar yozishda siz doimo qandaydir framework bilan ishlaysiz — bu Selenium, Playwright, Appium, Cypress yoki boshqa vosita bo‘lishi mumkin. Ushbu frameworklar sizga testni yozish, ishga tushirish, xatoliklarni ko‘rsatish va hisobot berish kabi ko‘plab funksiyalarni taqdim etadi.

Shuning uchun, dasturlash tilidan oldin siz avval qaysi frameworkdan foydalanmoqchisiz — shuni aniqlang. Keyin esa, o‘sha framework qaysi tillarni qo‘llab-quvvatlaydi, shuni tekshirib, ichidan eng yaxshi qo‘llab-quvvatlanadigan tilni tanlang.

2. Frameworklar odatda bir nechta tilni qo‘llab-quvvatlaydi

Ko‘p frameworklar ko‘plab tillarni qo‘llaydi. Masalan, Selenium — Python, Java, C#, Ruby va boshqalarni. Lekin real ish bozorida, eng katta community va hujjatlar aynan bitta til atrofida jamlangan bo‘ladi. Shuning uchun, rasmiy qo‘llanmalar, xatoliklar haqida ma'lumot va yangilanishlar qaysi tilda ko‘p bo‘lsa, o‘sha tilda ishlash osonroq bo‘ladi.

3. Framework + Til asosida kichik loyiha yasang

Yangi o‘rganishni boshlaganingizda, tanlangan framework va dasturlash tilida kichik loyiha yarating. Bu sizga ikkala elementni — frameworkning tuzilmasi va dasturlash tilining sintaksisini tushunishga yordam beradi.

Nega dasturlash tilini birinchi o‘rganish noto‘g‘ri?

1. Har bir framework har qanday tilni qo‘llamaydi

Agar siz oldindan biror dasturlash tilini chuqur o‘rganib qo‘ysangiz, keyin sizga yoqqan yoki kuchli framework o‘sha tilni qo‘llamasligi mumkin. Bu esa sizni yana boshqatdan til o‘rganishga majbur qiladi yoki yomon qo‘llab-quvvatlangan til bilan ishlashingizga olib keladi.

2. Dasturlash tilining chuqurligida yo‘qolib ketishingiz mumkin

Dasturlash tili — cheksiz imkoniyatlar olami, xuddi qora tuynuk (black hole) kabi. Qaerda to‘xtash kerakligini bilmasangiz, siz avtomatlashtirish uchun zarur bo‘lgan sathga yetib bormasdan, kerakmas texnik tafsilotlarga botib ketishingiz mumkin.
Avtomatlashtirilgan testlar uchun dasturlash tilining 100% ni emas, zarur 20–30% qismini chuqur tushunish kifoya.

3. Boshqa sabablar

  • Siz vaqtni noto‘g‘ri joyga sarflaysiz.
  • Dasturlash tilini mukammal bilganingiz bilan, test yozishni tushunmasligingiz mumkin.
  • Tilni yaxshi bilsangiz ham, test frameworksiz — sizda qurol boru, nishon yo‘q bo‘ladi.

Misol bilan tushuntirish

Tasavvur qiling, siz Java dasturlash tilini o‘rgandingiz. Keyinchalik sizga mobil ilovalarni test qilish qiziq bo‘lib qoldi. Sizni tanloviz bu, Appium — eng yaxshi framework. Appium Java-ni qo‘llaydi, ammo eng faol community va so‘nggi yangilanishlar JavaScript tilida berilgan.
Hujjatlar, misollar, StackOverflow postlari va hatto ba'zi yangi xususiyatlar JavaScript uchun mavjud, lekin Java uchun emas. Natijada siz orqada qolishingiz mumkin.

Haqiqiy hayotdagi analogiya

Bu holatni quyidagicha tasavvur qiling:

Siz avtomobil haydashni o‘rganmoqchisiz. Siz birinchi bo‘lib avtomobil tanlaysizmi yoki qaysi yo‘lda yurishni xohlaysiz — shuni tanlaysizmi?
Agar siz birinchi bo‘lib mashina sotib olsangiz (tilni o‘rgansangiz), keyin aniqlasangizki sizga yo'l tanlamas (off-road) kerak (ya'ni framework), lekin sizning mashinangiz faqat asfalt yo‘lda yuradi. Endi nima qilasiz?

Shuning uchun, avval yo‘lni tanlang — ya'ni frameworkni, keyin unga mos mashinani tanlang — ya'ni dasturlash tilini.

Xulosa

Agar siz avtomatlashtirish olamiga kirmoqchi bo‘lsangiz, esda tuting:

✅ Avvalo framework tanlang.
✅ Keyin eng yaxshi qo‘llab-quvvatlanadigan tilni o‘rganing.
✅ Kichik loyiha orqali o‘rganishni mustahkamlang.
❌ Dasturlash tilini chuqur o‘rganib, keyin qaysi frameworkga mos kelishini izlab, vaqtni yo‘qotmang.