Avtomatlashtirilgan testlash nima?

Maqolada avtomatlashtirish nima, kim bajaradi, qanday turlari bor, kamchiliklari, o‘rganish bosqichlari va kelajagi haqida sodda tilda tushuntirilgan.

Avtomatlashtirilgan testlash nima?
Avtomatlashtirilgan testlash nima

Avtomatlashtirilgan testlash — bu dastur yoki tizimni tekshirish jarayonini maxsus dasturiy vositalar yordamida avtomatik ravishda bajarishdir. Oddiy qilib aytganda, bu — dasturlarni odam emas, kompyuter o‘zi tekshiradigan jarayondir.

Oddiy misol: Avtomobil zavodida testlash

Tasavvur qiling, siz avtomobil ishlab chiqaruvchi zavoddasiz. Har bir yangi mashina ishlab chiqarilgandan so‘ng, uni to‘liq tekshirish kerak bo‘ladi. Ilgari bu ishni odamlar bajarardi — ular mashinani haydab ko‘rar, tormozlarini, chiroqlarini va boshqa funksiyalarini qo‘l bilan tekshirardi. Bu qo‘lda testlash deyiladi.

Lekin vaqt o‘tishi bilan zavodlar bu jarayonni tezlashtirish va xatolarni kamaytirish uchun robotlar yoki avtomatik tizimlardan foydalanishga o‘tdi. Endi robotlar mashinani harakatlantirib ko‘radi, chiroqlarni yoqib-o‘chiradi, hatto tormozlarni ham tekshiradi. Bu — avtomatlashtirilgan testlash bo‘ladi.

Dasturiy ta'minotda ham xuddi shu narsa

Xuddi shunday holat dasturiy mahsulotlarda ham mavjud. Dastur yaratilib bo‘lingach, u to‘g‘ri ishlayotganini tekshirish kerak. Qo‘lda testlashda bu ishni testerlar bajaradi — ular tugmalarni bosib ko‘radi, sahifalarni ochadi, noto‘g‘ri natijalar bormi yoki yo‘qligini tekshiradi.

Avtomatlashtirilgan testlashda esa bu harakatlar kod orqali yozib qo‘yiladi va kompyuter o‘zi bajaradi. Masalan, “Login” sahifasiga foydalanuvchi nomi va parol kiritish, “Kirish” tugmasini bosish va kirilgan sahifani tekshirish — bularning barchasi avtomatik tarzda bajariladi.

Avtomatlashtirilgan testlashni kim bajaradi?

Avtomatlashtirilgan testlash bilan SDET (Software Development Engineer in Test) deb ataladigan mutaxassislar shug‘ullanadi. Ular dasturlashni bilishadi va testlashni avtomatlashtirish uchun kod yozishadi.
Ba’zida oddiy QA (Quality Assurance mutaxassislari ham boshlang‘ich darajada avtomatlashtirish bilan shug‘ullanishi mumkin.

Avtomatlashtirilgan testlash turlari

Avtomatlashtirilgan testlashning bir nechta asosiy turlari mavjud:

  • Unit test – dasturdagi eng kichik qismlar (funksiyalar, metodlar) ni tekshiradi. Uni odatda dasturchilar yozadi.
  • Integration test – bir nechta qismlarning birgalikdagi ishlashini tekshiradi.
  • API test – dastur tizimlari o‘zaro qanday muloqot qilayotganini tekshiradi.
  • UI test (interfeys testlari) – foydalanuvchi ko‘radigan tugma, forma, sahifa kabi qismlarni test qiladi.

Avtomatlashtirilgan testlashning kamchiliklari

Har bir texnologiyaning afzalliklari bo‘lgani kabi, kamchiliklari ham bor:

  • Dastlabki vaqt va xarajat: Testlarni avtomatlashtirish uchun dastlab ko‘p vaqt va ish talab qilinadi.
  • Texnik bilim kerak: Kod yozishni va avtomatlashtirish vositalarini o‘rganish kerak bo‘ladi.
  • Hamma narsani avtomatlashtirib bo‘lmaydi: Dizayn, ranglar yoki foydalanuvchi his-tuyg‘ulariga oid narsalarni kompyuter tushunmaydi.
  • Parvarish qilish kerak: Dastur o‘zgarganda, testlar ham o‘zgartirilishi kerak.

Avtomatlashtirilgan testlashning kelajagi

Kelajakda avtomatlashtirilgan testlash yanada muhimroq bo‘ladi. Sababi:

  • Dasturlar tez-tez yangilanmoqda, ularni qo‘lda testlab ulgurib bo‘lmaydi.
  • Sun’iy intellekt va mashina o‘rganish asosida yozilgan testlar oddiy testlardan ancha aqlli bo‘lib bormoqda.
  • Kompaniyalar sifatga ko‘proq e’tibor bermoqda — shuning uchun avtomatlashtirishga sarmoya kiritishmoqda.

Yaqin kelajakda avtomatlashtirilgan testlash mutaxassislari juda talabgir bo‘ladi. Bu sohaga kirish — IT’da yaxshi martaba boshlash uchun ajoyib imkoniyat!