QA muhandis bo‘lish uchun rus yoki ingliz tili kerakmi?
Bu savolga qisqacha “ha” yoki “yo‘q” deb javob berish qiyin. Keling, bu savolga birgalikda javob topishga harakat qilamiz.

Bu savolga qisqacha “ha” yoki “yo‘q” deb javob berish qiyin. Keling, bu savolga birgalikda javob topishga harakat qilamiz.
QA muhandisligini o‘rganish uchun rus yoki ingliz tili kerakmi?
To‘g‘risi, QA muhandisligini o‘rganish uchun rus yoki ingliz tilini bilish majburiy emas. Chunki quality assurance (QA) bu nazariy emas, balki amaliy ko‘nikmadir. Test qilish — bu nazariyani yodlash emas, balki amaliyot orqali o‘rganiladigan jarayon. Qanchalik ko‘p test qilsangiz, shunchalik chuqur tushunasiz.
Agar siz rus yoki ingliz tilini bilmasdan turib kompyuterdan foydalanishni, Windows tizimida ishlashni o‘rgangan bo‘lsangiz, unda QA’ni ham bemalol o‘rganishingiz mumkin.
Nega rus yoki ingliz tili kerak bo‘lishi mumkin?
Bu tillarni bilish nazariy bilimlarni olish uchun kerak bo‘ladi. Chunki, afsuski, hozirda QA bo‘yicha zamonaviy, to‘liq va ishonchli ma’lumotlarni o‘zbek tilida topish juda qiyin. Shuning uchun siz rus yoki ingliz tilidagi manbalarga murojaat qilishingizga to‘g‘ri keladi.
Yaxshi tomoni shundaki, hozirda Google Translate yoki boshqa onlayn tarjimon vositalari yordamida istalgan matnni o‘zbek tiliga tarjima qilish mumkin. Demak, bu tilni bilmasangiz ham, axborotga kirish imkoniyatingiz bor.
Asosiy muammo – resurs yetishmasligi
Sizga duch keladigan asosiy muammo bu — o‘zbek tilidagi resurslarning kamligi. Haqiqatan ham, QA bo‘yicha o‘zbek tilidagi maqolalar, darsliklar, kurslar deyarli yo‘q. Lekin bu sizni to‘xtatmasligi kerak. Onlayn tarjima vositalari yordamida istalgan rus yoki ingliz tilidagi maqolani tushunishingiz mumkin.
Vaqt o‘tib, sizda texnik inglizcha yoki ruscha tushunish ko‘nikmalari ham shakllanadi. Bu tabiiy jarayon. Albatta, til markazlariga borib umumiy ingliz yoki rus tilini o‘rganishingiz mumkin. Lekin bir narsani unutmang: texnik tilni siz faqat o‘zingiz, amaliyotda mustaqil o‘rganasiz.
Endi esa ish topish haqida
Keling, sizda QA bo‘yicha asosiy tushunchalar bor deb tasavvur qilaylik. Endi esa eng qiyin bosqich — ish topish.
Haqiqiy amaliy ishga kirishish uchun, afsuski, ko‘pincha rus yoki ingliz tilini bilishingiz talab qilinadi. Siz omadli bo‘lib, butun jamoasi o‘zbek tilida ishlaydigan kompaniyani topsangiz — yaxshi. Lekin bu holat juda kam uchraydi.
O‘zbekiston va boshqa MDH davlatlarida, odatda, rus tili asosiy aloqa tili sifatida ishlatiladi. QA muhandisining ishlari faqat testdan iborat emas — u dasturchilar va foydalanuvchilar o‘rtasida ko‘prik bo‘ladi. Siz o‘zingizni aniq tushuntira olishingiz va boshqalarni ham tushuna olishingiz kerak. Shuning uchun, QA muhandisining ishi 50% yoki undan ko‘prog‘i — bu muloqot.
Ingliz tili haqida
Agar siz xorijiy kompaniyalarda, ya’ni MDHdan tashqarida masofadan turib ishlamoqchi bo‘lsangiz — unda ingliz tili zarur bo‘ladi. Intervyudan o‘tish darajasida ingliz tilini bilishingiz kerak. Sizdan mutlaqo mukammal inglizcha talab qilinmaydi, lekin texnik inglizcha + oddiy kundalik inglizcha darajasida bilishingiz kerak bo‘ladi.
Xulosa
Rus yoki ingliz tilini bilmaslik — sizni QA o‘rganishdan to‘xtatmasligi kerak. Amaliyot, qat’iyat va hozirgi texnologiyalar yordamida bu sohani o‘rganishingiz mumkin. Til esa, agar siz harakatda bo‘lsangiz, tabiiy ravishda siz bilan birga o‘sib boradi.